Mar 26, 2016 Ssenariylar

Boshlang`ich sinflar uchun “Mehrjon bayrami” tadbiri ssenariysi

Tadbir o`tkaziladigan joy turli hil mevalar, ko`rgazmalar va shiorlar bilan bezatilgan. Sahnaga jarchi kirib keladi.

Jarchi: Ho-ho-ho, odamlaru odamlar!

Eshitmadim demanglar.

Hosil bayrami bugun,

Yuzlar shodlikdan gulgun.

Ko`rgan do`star darmonda,

Ko`rmaganlar armonda.

1-o`quvchi: Qani do`stim, bayramni boshlaymizmi?

2-o`quvchi: Albatta boshlaymiz, eng oldin mehmonlar bilan salomlashib olaylik.

1-o`quvchi: Assalom davramizning,

Siz aziz mehmonlari.

Assalom ilm-fanning,

Sohibu davronlari!

2-o`quvchi: Hush kelibsiz onajonlar,

Otaxonlar assalom.

Hur Vatan chechaklari,

Bolajonlar assalom!

1-o`quvchi: Endi navbatni kimga bersak ekan?

2-o`quvchi: O`rtoqjon, ko`rib turibsanki, bugun hamma xursand. Chunki dehqonlar ham, bog`bonlar ham hosilni rejadan ortig`i bilan yig`ib-terib olishgan. Do`stim, bog`bon boboni chaqiraylikda, ularning dil so`zlariga quloq tutaylik.

1-o`quvchi: Mayli.

Bog`bon bobo, bog`bon bobo,

Davramizga marhabo.

Bog`bon bobo: Labbay aziz bolalarim, gulgun chehra donolarim. Hosil bayramingiz muborak bo`lsin! Men bog`imdan sizlar uchun shirin-shakar mevalardan olib keldim.

Bolalar: Rahmat bog`bon bobo, sizning ham bayramingiz muborak bo`lsin!

Navshati: Meni derlar navshati,

Mevalarim sharbatli.

Olma: Yuzlarim taram-taram,

Yesangiz maza biram.

Vitaminning koniman,

Asli darmondoriman.

Anor: Anorman, qizil yuzim,

Yumaloqman, men o`zim.

Ohista ochib po`stim,

Maza qilib ye do`stim.

Yong`oq: Kuz kelganda pishaman,

Qoqsang tap-tap tushaman.

Yog`li qilib noningni,

Tozalayman qoningni.

Jiyda: Bir mevaki, to`ni bor,

To`n ichida uni bor.

Faqat un, deb o`ylamang,

Ichida ustuni bor.

Nonjiyda: Kumush yaproq nonjiyda,

Hamma sevadi juda.

Qoqib olsak kuz chog`i,

Do`stlarning chog` dimog`i.

Do`lanaoy:  Tog` mevasiga kiraman. Mening beshta turim bor. Men tog` yon bag`irlarida, shag`alli qiyalarida o`saman, sarig`idan ko`ra qizil mevam juda ko`p kassalliklarga davo.

Uzum: Kishmish, charos, daroyi,

Oltin kabi husayni.

To`yib-to`yib yesang ham,

Tag`in ko`ngling tusaydi.

Dehqonbobo: Shirin-shakar bolajonlar! Bugungi hosil bayramingiz muborak bo`lsin deyman. Saxiy kuz o`zining saxovati, qut-barakasi bilan quyoshli yurtimizga kirib keldi. Yurtdoshlarimiz yil davomida qilgan mehnatlari mahsuli hosilni yig`ib-terib olishga kirishgan.. Dalalarda hosil mo`l bo`lgan. Xirmonlar, omborlar  don-dunda, kuz ne`matlariga to`lgan. Men bilan birga Bug`doyvoy, Makkajo`xori, Karam xola, Qovoqvoy, Sabzi, Piyoz, Garmdori, Kartoshka, Qovun va Tarvuz ham mehmon bo`lib kelishgan.  Keling endi ulardan ayrimlarining so`zlarini tinglaylik.

Sabzi:  Qizil-sariq rangda biz,

Yengilmaymiz jangda biz.

Askarlardek safimiz,

Tegadi ko`p nafimiz.

Piyoz:  Ro`zg`orda qish yo yozdir,

Eng kerakli piyozdir.

Oshga solmay ko`ringchi,

Ta`m bermaydi guruchi.

Erta bahor ekilgan,

Ko`k bargim koni foyda.

Shuni unutmang zinhor,

Men kerakman har joyda.

Lavlagi: Tinglang mening ham so`zim,

Ko`p dardga davo o`zim.

Kamqonlarga qon bo`lgum,

Ham shifo darmon bo`lgum.

Garmdori: Garmdori degani,

Yarim dori degani.

Taomga ta`m beraman,

Asabga dam beraman.

Ko`p ishlatsang atayin,

Bir odatim aytayin.

Achchig`imga bermay dosh,

Ko`zlaringdan oqar yosh.

Pomidor: Barglar ostidan,

Boqsam mo`ralab.

Uzgingiz kelar,

Tongda saralab.

Boshlovchi: Bolajonlar! Mana, hamma jamuljam bo`ldi. Aytingchi, davramizda yana kim yetishmayapti?

Bolalar: Biz uchun qimmatbaho oq oltinga teng Paxtaoy.

Boshlovchi: Keling bolalar, birgalikda davraga Paxtaoyni chaqiraylik.

Barcha: Paxtaoy, hoy Paxtaoy,

Davraga qo`sh, fayz chiroy.

Boshlovchi: Endi bolajonlar, nechog`li topqir ekanligingizni bilish uchun navbatni topishmoqlarga bersak

  1. Marjon-marjon yumaloq,

Yaproqlari shapaloq.

Qora, qizil, sariq, oq,

Yeb ko`rmasdan o`ylab boq.

  1. Mayda yoqutday qizil,

Shirin, nordon xilma-xil.

Qalin taxir po`sti bor,

Hamma yerda do`sti bor.

  1. Yumaloq, semiz yog`i yo`q,

Xo`ppa semiz, po`sti yo`q!

  1. Oq gulim, oppoq gulim,

Husniga shaydo elim.

Boshlovchi: Bolajonlar,  keling endi tez aytish musobaqasini  o`tkazamiz.

  1. Ko`k karam ko`pmi,

Po`k karam ko`pmi?

  1. Sobir sakkizta sabzi sanadi,

Sakkizta sabzini Sobir sanadi.

Boshlovchi: Bolajonlar, keling bir kulishaylik. Navbatni qatra xandaga beramiz.

1-o`quvchi: Yer tagida hayot bormi?

2-o`quvchi: Yer tagida hayot yo`q unda hayot nima qiladi?

1-o`quvchi: Yer tagida hayot bor. Agar hayot bo`lmasa, rediskani kim qizilga bo`yaydi.

1-o`quvchi: Osmonda hayot bormi?

2-o`quvchi: Osmonda hayot nima qiladi?

1-o`quvchi: Osmonda hayot bor. Osmonda hayot bo`lmasa, kim yulduzlarni terib qo`yadi.

O`qituvchi: Aziz bayram qatnashchilari! Mana bugungi ajoyib bayramimiz ham nihoyasiga yetdi. Xushnud kayfiyat ila barchangizga sog`lik-omonlik tilayman. Yanagi hosil bayramigacha sog`-salomat bo`laylik. Yurtimiz tinch, hosilimiz bundanda mo`l bo`lsin!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan