Apr 14, 2016 Ma'ruzalar

SHAXS MA’NAVIYATINI RIVOJLANTIRISH OMILLARI VA VOSITALARI

 

Reja:

1.Shaxs ma’naviyatini shakllantirishda ota-ona mas’uliyati.

  1. Adabiyot va san’at – shaxs ma’naviyatini shakllantirish va rivojlantirishning muhim vositasi.

 

  1. Shaxs ma’naviyatini rivojlantirishning omillari va vositalari kо‘p. О‘zbek xalqining eng qadimiy davrlardan boshlab hozirga qadar davom etib kelayotgan, о‘z ahamiyatini hech qachon yо‘qotmaydigan ajoyib qadriyatlaridan biri – ota-onani yuksak darajada e’zozlash, hurmatini joyiga quyishdan iboratdir. Farzand uchun dunyoda ota-onadan kо‘ra mehribon, aziz va mo`tabar zot yо‘q. Ota-ona farzandlarning suyanchig`i, bitmas-tuganmas boyligidir.

Ota-ona о‘z farzandidan hech narsani ayamaydi. Ularning tabiat ato etgan buyukliklari ham ana shunda. О‘zbek xalqi odob-axloqi bо‘yicha, keksalarning, ota-onaning oldidan salom bermasdan о‘tish gunoh hisoblanadi. Ota-onani qadrlash, ularning beо‘lchov, beminnat xizmatiga bir umr sodiq bо‘lish, duolarini olish – bolalarning farzandlik burchidir. Bu milliy qadriyatlarimizning eng muhim talablaridan biridir.

Buyuk bobomiz hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek ota-onani hurmat qilish «…farzandlar uchun majburiyatdir. Bu ikkisiga xizmatni birdek qil, xizmating qancha ortiq bо‘lsa ham kam deb bil. Otang oldida boshingni fido qilib, onang uchun butun jismingni sadaqa qilsang arziydi! Ikki dunyong obod bо‘lishni istasang, shu ikki odamning roziligini ol! Tunu kuningga nur berib turgan – birisini oy deb bil, ikkinchisini quyosh. Ularning sо‘zlaridan tashqari bir narsa yozma, ular chizgan chiziqdan tashqariga bir qadam ham bosma. Hamma xizmatni sen odob bilan bajar, «adab» sо‘zidagi «dol» kabi qomatingni ham qil».

Tan olishimiz kerakki, shо‘rolar davrida keksalarni, ota-onalarni hurmat qilish haqidagi milliy qadriyatlarimiz biroz xira torta boshladi. Ba’zi yoshlarimizda о‘zlaridan kattalarni, nuroniy qariyalarni hurmat qilish, ularning nasihatlariga quloq solish singari yuksak ma’naviy fazilatlar yо‘qolib ketayotgani sezilmoqda. Ehtimol, boshqa millat kishilari bunga unchalik e’tibor berishmas, lekin biz, о‘zbeklar buni his qilmay ilojimiz yо‘q.

Keksalar uchun ajratilgan uylarda farzandlari tirik о‘ziga tо‘q bо‘lgan ota-onalar yashayotganligiga toqat qilib bо‘lmaydi. Gohi-gohada bо‘lsa ham, ota-onaga qо‘l kо‘tarish, undan ham og‘irroq jinoyat qilish hollari sodir bо‘lib turganligini eshitib turibmiz! Bu — oddiy nuqson emas, balki uchiga chiqkan tubanlik bag‘ritoshlik milliy qadriyatlarimizni oyoq-osti qilish, о‘z insoniyligini yо‘qotishdir. Milliy qadriyatlarimizga, о‘zbek xalqining sha’niga dog‘ tushuradigan bunday yaramas hodisalar zamini, ildizi, sababi nimada, degan savol paydo bо‘lishi tabiiy.

SHо‘rolar davrida, avlod-ajdodlarimizning о‘gitlari, pand-nasihatlari, ajoyib an’analarimiz targ‘ib qilinish о‘rniga nuqul qoralandi, yomon otli qilindi, bid’at, xurofot, deb baholandi. Milliy tarbiya borasidagi merosimiz о‘rganilmadi, targ‘ib etilmadi. Ularning о‘rniga ta’lim-tarbiya borasida Yevropa, Rusiya modelini kо‘klarga kо‘tarib maqtab, targ‘ib qilib, yoshlarimizni о‘z milliy qadriyatlarimizdan bebahra qilib qо‘ydik. Ana shu tufayli diniy-axloqiy, oila, qо‘ni-qо‘shni, mahalla-ko`ylar ta’siri kabi ta’lim-tarbiyaning hayot sinovidan о‘tgan bebaho boyliklaridan judo bо‘la boshladik. Mustaqilligimiz tufayli bularga chek qо‘yildi, bunday salbiy illatlarni tugatish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kattalarga izzat-ikrom, kichiklarga mehr-shafqat, ota-onalarga e’zoz, farzandlarga mehr-sadoqat kabi insonni inson sifatida ulug‘laydigan, axloqiy, ma’naviy jihatdan gо‘zal va barkamol qiladigan qadriyatlarimiz odamlar, ayniqsa yoshlar qalbidan о‘rin ola boshlagani quvonchli bir holdir. Mustaqil О‘zbekiston Respublikasining asosiy qonuni – Konstitutsiyada farzandlarning jamiyat, oila, ota-onalari oldidagi insoniy burchlari va mas’uliyatlari nimalardan iboratligi milliy qadriyatlarimizdagi asosiy g‘oya va qoidalarga asoslanib belgilab berilgan. Uning 66-moddasida qayd qilinishicha, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar о‘z ota-onalari haqida g‘amhо‘rlik qilishga majburdirlar.

Xullas, har bir farzandning о‘z ota-onasini e’zozlashi farzandlik burchi va jamiyat oldidagi mas’uliyati sanaladi. Ota-onani e’zozlashning quyidagi sharqona talablariga hammamiz amal qilishimiz ham farz, ham qarz, farzandlik burchimizdir. Ota-onaga taom berish, ozoda qilib kiyintirib qо‘yish, kasal bо‘lganda shifokorga kо‘rsatish, kerakli dori-darmonni keltirib berish, doimo hol-ahvol, sihat-salomatliklarini sо‘rab turish, ota-ona oldida «uh» tortmaslik gerdaymaslik lozim bо‘ladi. Ota-ona norizo bо‘lgan ishni qilmaslik, aroq ichma, yomonlarga qо‘shilma, desa uni qilmaslik va qо‘shilmaslik kerak bо‘ladi. Kо‘chada yurganda otadan oldin yurmaslik, otadan avval ovqatga, dasturxonga qо‘l uzatmaslik, otadan avval о‘tirmaslik, otadan kо‘ra poygakda o`tirish lozim. Otaning oldida oyoqni uzatib, yonboshlab olish bizning axloq-odobimizga kirmaydi. Ota-ona chaqirganda labbay deb javob qaytarish, nima ish qilayotgan bо‘lsa, hech ikkilanmasdan darrov ularga javob berish farzandlik burchi hisoblanadi. Shunda ota-ona о‘z farzandidan rozi bо‘ladi. Ota-onaning roziligini olgan farzand baraka topadi, ishi о‘ngidan kelaveradi, oldiga qо‘ygan maqsadiga erishadi.

Ota-onasi norizo bо‘lgan farzand kechgacha yugursa ham, ishining barakasi bо‘lmaydi, biri ikkiga aylanmaydi. Turmushga chiqish, uylanishda ota-onaning roziligini, oq fotihasini olishda hikmat kо‘p. Yuqoridagilarning hammasi biz uchun bir hovuch oltin, xazina. Kelgusi hayotimiz uchun poydevor qо‘yish demakdir. Bu dunyo qaytar dunyo, nima eksang shuni o`rasan, siz ota-onangizga nima qilgan bо‘lsangiz, u sizga farzandlaringizdan qaytadi. Bu ham tabiat qonuni bо‘lsa neajab!

Endi ota-onani hurmat qilishning ulug‘vorligi haqidagi ba’zi ibratli fikrlarni hadislardan keltirib о‘tamiz. «qaysi bir musulmon farzandi savob umidi bilan ertalab ota-onasini ziyorat qilsa, Olloh taolo unga jannatdan ikkita eshik ochadi. Agar ulardan bittasini ziyorat qilsa, unga jannatning bir eshigini ochadi. Bola ota-onasidan qaysi birini xafa qilsa, uni rozi qilmaguncha, Olloh taolo undan rozi bо‘lmaydi»; «Kim ota-onasini rozi qilsa, unga tubo (jannatdagi daraxt) nasib bо‘lib, Olloh taolo uning umrini ham ziyoda qiladi»; «Uch toifa kishilarning duosi, hech shubhasiz, Olloh taologa maqbuldir: mazlum kishining duosi, musofirning duosi va ota-onaning duosi»; «Ota-onalarning keksaygan vaqtda har ikkisini yoki biri bо‘lmaganda boshqasini rozi qilib, jannatiy bо‘lib olmagan farzand xor bо‘lsin, xor bо‘lsin, va yana xor bо‘lsin»; «Ota-onaga itoat qilish – tangriga itoat qilishdir. Uni oldida gunoh qilish tangri oldida gunoh ish qilish bilan barobardir» va boshqalar.

Yuqorida farzandning ota-ona oldidagi burchi haqida fikr yuritdik. Ota-onaning ham farzand oldidagi burchi nihoyatda katta va mas’uliyatlidir. Farzandlarning kelajakda qanday ma’naviyat egasi bо‘lishi kо‘p jihatdan ota-ona, u bergan tarbiyaga bog‘lik. Har bir ota-ona farzandi oldida о‘z otalik, onalik burchini tо‘liq his etishi, unga javobgarligini ma’nan anglab yetishi kerak.

Sobiq shо‘rolar davrida uzoq vaqt milliy va ma’naviy tarbiya chetga surib qo`yildi. Oqibatda bolalar tarbiyasida ota-ona mas’uliyati pasayib ketganligi hech kimga sir emas. Vaholanki bola, о‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida ota-ona beradigan tarbiya juda muhim ahamiyatga ega. Farzand tarbiyasi quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishini har bir ota-ona yaxshi bilishi foydadan holi bо‘lmaydi.

Birinchisi – nasl tarbiyasi, ya’ni bola tarbiyasi. Bola tug‘ilmasdan oldin boshlanishi kerak. YA’ni bо‘lg‘usi ona va otaning sog‘ligi, farzand tarbiyalashga mas’ulligini hisobga olish lozim bо‘ladi. Bu – bola, farzand kо‘rishni istagan ota-onaning bо‘lajak farzandlari taqdiriga mas’uliyat bilan qarab, о‘zlarining salomatliklarini yaxshilashlarini nazarda tutadi.

Ikkinchi bosqich – homiladorlik davridagi parvarish. Bu masala о‘ta muhim, о‘ta ahamiyatlidir. Rivojlangan mamlakatlarda homiladorlik davri tug‘ilajak inson taqdirining 60 foizini belgilashi kо‘zda tutiladi. Bu davrdagi chora-tadbirlar aksariyat ota-onalar tomonidan amalga oshiriladi.

Uchinchi davr bola tug‘ilgandan to 6-7 yoshgacha bо‘lgan davr. Shu davrga kelib, bola ma’naviyatining asosiy kurtaklari shakllanib bо‘ladi. Sо‘ng ana shu ma’naviy kurtaklarni parvarishlash va yanada rivojlantirish davri boshlanadi.

Ma’naviy barkamollik balki, beshikdagi allaning mazmunidan, bolani kiyintirish-u uni halol luqma bilan boqishdan boshlanishi mumkin. Hazrati Bahouddin Naqshband aytganlaridek insondagi yaxshi fe’llar, amollar halol luqmadandir.

Demak ota-ona farzandini halol luqma bilan boqsa, u farzand ma’nan pok va halol bо‘lib voyaga yetadi. Biz shо‘rolar zamonida buni unutayozdik, ahamiyat bermadik, boz ustiga tarbiyani ham tuzum о‘z manfaatlariga moslashtirib, uni о‘z qо‘liga oldi.

Xulosa shuki, bola tarbiyasini dono xalqimiz aytganidek u hali tug`ilmasdan ota, ona va butun oila a’zolari hamjihatligida boshlashimiz lozim bо‘ladi. Olamda barcha narsa juft-juft bо‘lib yaratilgan. Juft bо‘lib yashash tabiat qonuni, taqozosi. Lekin oila bо‘lib yashash barcha maxluqotlar orasida faqat odam nasliga xosdir.

Oila jamiyatning birinchi va birlamchi bо‘rini, zarrachasi. Jamiyat ana shu kichik zarralardan tashkil topadi. Er va xotin – ikki tirik vujudning, ikki olamning о‘zaro ittifoqidan paydo bо‘lgan uchinchi bir olam – bu oiladir. Agar oila tinch-totuv, ahil bо‘lsa, olam tinch va obod. Aks holda, turmush dо‘zaxga aylanadi, oila zindonning о‘zi bо‘ladi, buning jabrini esa er va xotinning о‘zigina emas, balki farzandlari, yaqinlari ham tortadi. Oila poklikka va soflikka, ikki tomonlama muhabbatga, sadoqat va vafodorlikka asoslanishi kerak. Bu farzandlar tarbiyasi uchun muhim omil hisoblanadi.

Eng qadimgi odatimizga kо‘ra, о‘zbek oilasi ham tо‘ydan boshlanadi. Xalqimiz saxovatli xalq. Topganini el-yurt oldiga qо‘ysam, deydi. Xalqimizni tо‘ysevarlikda ayblab bо‘lmaydi. Agar ayblasak о‘z-о‘zimizni kamsitgan bо‘lamiz. To`y va ma’rakalarimizga о‘rinsiz tosh otish insofdan emas. Lekin tо‘y bahona soxta obrо‘ olishga intilish, kimosharga isrofgarchilikka yо‘l qо‘yishni oqlab bо‘lmaydi. Tо‘y va ma’rakalarda musobaqa emas, xayr-saxovat va ma’naviyat qadriyatlarini mustahkamlash ustuvor bо‘lgani yaxshi.

О‘zbek oilasining tashqaridan sezilmaydigan о‘ziga xos ichki qonun-qoidalari, axloqiy, ma’naviy mezonlari bor. Quyida biz shulardan ba’zilari, turmush uchun zarurlari haqida tо‘xtab о‘tishni lozim topdik. Zero bu oila qurish oldida turgan yoshlar uchun foydadan holi bо‘lmas, degan niyatdamiz.

Rizq-rо‘z tongda har bir odamga, oilaga ulashiladi. Kimki g‘aflat bosib, о‘rnida yotaversa, rizqidan quruq qoladi, deyiladi. Barvaqt turilsa, ish unumli, o`sha kun xayrli bо‘ladi….

Yuz-qо‘lni yuvmasdan hol-ahvol so`ralmaydi, yuz-qo`lni yuvgandan sо‘ng kichiklar kattalarga salom beradilar, ayollar nonushta tayyorlaydilar, qizlar-kelinlar hovli, eshik oldini supurib, suv sepib qо‘yadilar…

Ish yoki о‘qishga oilaning tabarruk yoshlilaridan fotiha olib ketilishi axloq-odob doirasiga kiradi, qaytganda, avval ularga uchrashib, salom beriladi, hol-ahvol sо‘raladi…

Oila odobiga kо‘ra katta yoshlilar bolalarga, balog‘atga yetgan farzandlar, kelinlar katta yoshlilarga ochiq-sochiq holda kо‘rinmaydilar, bachkana qiliq qilmaydilar, pardasiz sо‘zlarni aytmaydilar. Kо‘chaga uy kiyimida chiqilmaydi. O‘zbek oilasiiing fazilatlari kо‘p, qonunlarda belgilanmagan, ammo millatimizning qadriyatlariga aylangan tartib va talablari mavjud. Ularni farzandlarimiz о‘zlashtirishi ham farz, ham qarzdir.

Shunday qilib, oila – jamiyatning asosiy bо‘g‘ini. Oilada singdirilgan tarbiya, Vatan, el-yurt, mustaqillik, ozodlik haqida berilgan tushuncha, tasavvur bolaning murg‘ak qalbila bir umr muhrlaiib qoladi. Oila mustahkam, tinch, farovon, sog‘lom bо‘lsagina, jamiyatda barqarorlik vujudga keladi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek «Oilaning jamiyatdagi о‘rni, tarbiyaviy-axloqiy ahamiyati, qadr-qimatini anglab yetmasdan, oilaga millat manfaati nuqtai nazaridan yondashmasdan turib, xalqchil mafkura yaratolmaymiz». YA’ni ma’naviy sohadagi vazifalarimizni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaymiz.

Shuning uchun ham mamlakatimizda oilani mustahkamlashga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, asosiy qonunimizning «Oila» deb atalgan 14-bobida quyidagi qoyidalarni о‘qish mumkin:

«63-modda» Oila jamiyatiing asosiy bо‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bо‘lish huquqiga ega…

64-modda. Ota-onalar о‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar…

65-modda. …Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi».

Mustaqil Respublikamizda Oila munosabatlariga alohida ahamiyat berilayotganligipi Oliy Majlisning birinchi chaqiriq о‘n birinchi sessiyasida «Oila kodeksi»ning qabul qilinishida ham ko`rishimiz mumkin. Davlatimizning oilaning rolini oshirishga qaratilgan siyosati albatta farzandlarimizning ma’naviyati yuksaltirishida katta ahamiyatga ega bо‘ladi.

 

  1. Adabiyot va san’at asarlari mustaqil respublikamiz fuqarolari ma’naviy dunyosini boyitish, ularni gо‘zal narsalarning hammasidan bahramand qilish kabi ajoyib xususiyatlarga ega. Ma’naviyat, yuksak badiiy, jozibali adabiyot va san’at asarlari kishilar qalbiga tezroq yо‘l topish, estetik hissiyotiga kuchli ta’sir qilish, hayotiy voqea-hodisalarni chuqur mushohada etishga da’vat etish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shuning uchun adabiyot va san’at asarlarining kishilarni yuksak ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashdagi badiiy ta’sir etishdek vositalik xususiyatidan imkoni boricha kengroq foydalanish muhim ahamiyatga egadir.

Adabiyot va san’at asarlarining kuchi uning xalqchil va tushunarliligida, kishilar ichki — ruhiy dunyosiga emosional ta’sir kо‘rsata olishidadir. Ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashda adabiyot va san’atning ana shu xususiyatini hisobga olish muhimdir.

Ma’naviy tarbiyada о‘zbek xalqining boy ma’naviy merosidan keng foydalanish uning ta’sirchanligi, samaradorligini oshirishda muhim omil bо‘la oladi. Yoshlarimiz ma’naviy tarbiyasida Yusuf xos Xojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Mashrab, Muqumiy, Furqat, Abdulla Qodiriy, CHо‘lpon, Usmon Nosir kabi mumtoz shoir va yozuvchilarimiz asarlaridan foydalanishimiz ular qalbini, ruhiy dunyosini ma’naviy boyitishda katta ahamiyatga egadir. Ularning bizga qoldirgan boy badiiy-ma’naviy merosi о‘zining chuqur falsafiy mazmuni, axloqiy yо‘nalishi bilan ajralib turadi.

Mumtoz san’atkorlarimiz asarlarida halollik va poklik, tо‘g‘rilik, birovning haqiga kо‘z olaytirmaslik, xiyonat qilmaslik, insonparvarlik, vatanparvalik, mehnatsevarlik, diyonatlilik, iymonlilik, halol luqma bilan kun kо‘rish, ota-onani hurmat qilish kabi inson uchun zarur ma’naviy xislatlar yuqori badiiy saviyada bayon etilgan.

Ma’naviy tarbiyada Pirimqо‘l Qodirov, Odil Yoqubov, Sayd Ahmad, О‘tkir Hoshimov kabi yozuvchilarimiz; Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Oydin Hojiyeva, Omon Matchon kabi shoirlarimizning asarlaridan ham keng foydalanish, badiiy asarlar, ulardagi qahramonlarning fe’l-atvori, axloqi, ma’naviy dunyosi tо‘g‘risida suhbat, munozara о‘tkazish katta samara beradi.

Ma’naviy tarbiyada kishilar ongi, ruhiyatiga ta’sir etishda teatr san’atining ham roli, о‘rni va ahamiyati, ta’sir etish doirasi imkoniyatlari cheksizdir. Biz teatr san’atini ikki tomoni charxlangan shamshirga о‘xshatishimiz mumkin. U bir tomoni bilan kishilar qalbiga yorug‘lik olib kirsa, uni yuksak ma’naviylik tomon yо‘llasa, ikkinchi tomoni bilan inson qalbidagi nodonlik, jaholat, ya’ni, ma’naviyatsizlikka va jaholatga qarshi kurashadi.

Teatr san’ati boshqa san’at turlari kabi obrazli – badiiy tabiati bilan inson qalbiga emosional ta’sir kо‘rsatish, uning ruhiy dunyosiga chuqur kirib borish, shu orqali ma’naviy dunyosini boyitish xususiyatiga ega. Mustaqillikni mustahkamlash, kishilarni yuksak ma’naviylik ruhida tarbiyalashda teatr san’atining ana shu xususiyatidan unumli foydalanish zamon talabi. Afsuski, kishilarimiz, shu jumladan yoshlarimizning teatr, kino san’ati yoki san’atning boshqa turlariga bо‘lgan qiziqishi unchalik yetarli darajada emasligi kishini ajablantiradi.

Teatr voqeligimiz, kishilarimiz turmushi, intilishi, qiziqishi, xatti-harakatlarini hayajon bilan aks ettiradigan maydondir. U bir vaqtning о‘zida ham sо‘z, ham musiqa, ham xatti-harakat orqali inson qalbiga ta’sir etish xususiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun teatr va kino san’atining bu xususiyatidan ma’naviy tarbiyada foydalanish katta samara berishi shubhasiz. Faqat ulardan samarali foydalanish lozim bо‘ladi.

Bunday asarlarni kishilar qalbiga kirib borishida televideniye imkoniyatlaridan foydalanishga alohida ahamiyat berish talab etiladi. Kishilarimiz «Otalar sо‘zi – aqlnini kо‘zi» kabi kо‘rsatuvlarni sabrsizlik bilan kutganidek ma’naviy yuksaklikka chorlaydigan, ya’ni jasorat va olijanoblikni, ma’naviy gо‘zallik va axloqiy poklikni, ulug‘vorlik, nafosat va ma’naviy qadriyatlarimizni targ‘ib etuvchi badiiy yuksak adabiyot va san’at asarlariga muhtojdir. Chunki, ular ma’naviyatimizni yuksaltiribgina qolmasdan, shu bilan birga yoshlarimizga ilm egallashda, millat va vatanni taraqqiy ettirishda, fidoyilik kо‘rsatishda, zavq-shavq va ilhom bag‘ishlaydigan vositalarning asosiylaridan biri hisoblanadi.

Tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda va yoshlarimiz ongiga milliy istiqlol g‘oyalarini singdirishda Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining olib borayotgan amaliy ishlarini ham alohida ta’kidlash lozim bо‘ladi. Uning viloyatlardagi va Toshkent shahridagi bilimlarida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, talaba yoshlar bilan Respublikamizning kо‘zga kо‘ringan adabiyot va san’at arboblarining uchrashuvlarini tashkil qilish, kо‘zga kо‘ringan olimlar ishtirokida turli ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish kabi о‘ta muhim ishlarni amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bu kengash tomonidan ma’naviyat, tarbiya va ta’lim masalalariga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-ommabop risolalarni bosib chiqarayotgani va ularni yoshlar о‘rtasida keng targ‘ib qilayotganligini alohida ta’kidlash lozim. Bu kengash о‘z faoliyati bilan mamlakatimizda tarbiya borasida olib borilayotgan umumiy ishga о‘z hissasini qо‘shib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ma’naviy tarbiya bugungi kunning eng dolzarb masalasi. Bu ishga yurtimizning barcha ziyolilari – о‘qituvchilar, jurnalistlar, yozuvchilar, shifokorlar, artistlar, barcha rahbarlar birdek mas’uldirlar. Mamlakatimizda tarbiyani hozirgi zamon talablari darajasida olib borishda mavjud barcha imkoniyatlar va vositalardan samarali foydalanganimizdagina ma’naviyati yuksak yoshlarni tarbiyalashga erishish mumkin bо‘ladi.

 

Tayanch sо‘z va tushunchalar:

 

Ota-ona — aziz va mo`’tabar zot; ota-ona farzandning suyanchig‘i, bitmas-tuganmas boyligi; birisini oy deb bil, ikkinchisini quyosh; ota-onani e’zozlash farzand burchi, jamiyat oldidagi mas’uliyat; ota rozi – xudo rozi; otalar sо‘zi – aqlning kо‘zi; ota-onaga itoat qilish – Tangriga itoat qilishdir; yaxshi fe’llar, a’mollar halol luqmadandir; oila jamiyatning asosiy bо‘g‘ini; adabiyot va san’at inson qalbiga, ruhiy dunyosiga chuqur kirib borishi va shu orqali uning ma’naviy dunyosini boyitish xususiyatiga ega.

 

Takrorlash uchun savollar:

 

  1. Ota-onaning farzand oldidagi ulug‘ligi nimada?
  2. Birisini oy deb bil, ikkinchisini quyosh iborasining mazmunini izohlang.
  3. Ota-onaning farzandlar oldidagi burchi nimada deb bilasiz?
  4. Farzandlarning ota-onalar oldidagi burchi nimada deb bilasiz?
  5. Ota-ona va farzandlar mas’uliyati haqida О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida nimalar kо‘rsatilgan?
  6. Ota rozi – xudo rozi iborasining mazmunini izohlang.
  7. Farzand tarbiyasini qaysi davrda boshlanishi haqida nimalar bilasiz?
  8. Yaxshi fe’llar, yaxshi a’mollar – halol luqmadandir? iborasining mazmunini izohlang.
  9. О‘zbek oilasining ma’naviy-axloqiy jihatlari haqida nimalarni bilasiz?
  10. Kishilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda adabiyot va san’atning ahamiyati nimada deb bilasiz?
  11. Qaysi yozuvchi va shoirlar asarlarida о‘zbek milliy ma’naviyatining о‘ziga xos jihatlari о‘z ifodasini topgan? Ular milliy ma’naviyatimizning rivojlanishida qanday ahamiyatga ega?

 

Adabiyotlar

  1. Karimov I.A. О‘zbekistan buyuk kelajak sari. –T.: О‘zbekistan, 1998 y.
  2. Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. –T.: Sharq, 1999 y.
  3. Karimov I.A. Olloh qalbimizda, yuragimizda. //Xalq sо‘zi, 4 mart 1999 y.
  4. Karimov I.A. Milliy istiqlol mafkurasi – xalq e’tiqodi va buyuk kelajakka ishonchdir. –T.: О‘zbekiston, 2000 y.
  5. Davlat, jamiyat, oila va yoshlar muammolari. (Davlat, jamiyat, oila va yoshlar muammolari Respublika konferensiyasi materiallari). –T.: О‘zbekistan, 1997 y.
  6. Aliyev A. Istiqlol va adabiy meros. T., О‘zbekiston, 1997 y.
  7. Soifnazarov I., Soifnazarova F. Ma’naviyatimizning umrboqiy sarchT., Mehnat, 1997 y.

 

***

Ushbu ma’ruza matni О‘zDSMI “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi dotsenti Ozoda Nishonova tomonidan tuzulgan “Ma’naviyat asoslari” fanidan o‘quv-uslubiy majmua asosida tayyorlandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan