Apr 14, 2016 Ma'ruzalar

TARIX HAQIQATI: “KIM EDIGU KIM BO‘LDIK”

 

Bugun faqat yoshlar emas, balki butun o‘zbek millati “men o‘zbekman, O‘zbekistonlikman” deya qaddini baland tutadi, xalqi bilan, o‘zligi bilan g‘ururlanadi.

2015-yil 12-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning yangi “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” deb nomlangan asarlarining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu kitobni o‘qir ekanman, men nafaqat talaba, balki shu jamiyatning, shu millatning hal qiluvchi kuchlari qatorida ekanligimni yana bir bor chuqur his etdim. Bu tuyg‘u menga shunchalar shijoat berdiki, mening olg‘a intilishim, xuddi ular kabi Vatanimiz istiqboliga munosib hissa qo‘shishimga hech qanday to‘siq qoldirmadi.

Prezidentimizning quyidagi gaplari qalbimda va ongimda bir umrlik shior bo‘lib qoldi: “Biz o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlarimizga baho berar ekanmiz, “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik” degan savol asosida ularning mohiyati va ahamiyatini o‘zimizga chuqur tasavvur etamiz. Ayni vaqtda “Ertaga kim bo‘lishimiz, qanday yangi marralarni egallashimiz kerak?” degan savol ustida o‘ylashimiz, nafaqat o‘ylashimiz, balki amaliy ishlarimiz bilan bunga javob berishimiz lozim”.  Bu so‘zlar har bir yosh qalbida shijoat uyg‘otmasdan qolmaydi.

Haqiqatan ham hayot hech qachon bir joyda to‘xtab  turmaydi. Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan hayotimizning tub-tubida millatimizning beqiyos mehnatlari, azm-u shijoatlari yotibdi. Biz bugun xalqimiz bilan, uning o‘zbekona dunyoqarashi-yu intellektual salohiyati bilan g‘ururlanamiz. Keksalarimizning yuz-ko‘zlariga boqib, og‘ir o‘tmish ertaklarini eshitib ba’zida ko‘nglimiz og‘rinadi, qalbimiz larzaga keladi. Ular ikki asr orasida bo‘lgan yaxshi va yomon kunlarning haqiqiy guvohi ekanliklarini his etamiz. Balki shundanmi, ular har doim o‘z duolarida yurtimizga tinchlik, osmonimizga musaffolik, har bir xonadonga qut-baraka so‘rab iltijo qiladilar. Yaqin tariximiz uning notinch, qora kunlari xuddi ularning yuzidagi ajinlarga aylanib qolganga o‘xshaydi. Yomon kunlar, ochlik va nochorlikka to‘la hayot sahifalari ancha ortda qoldi. Ammo bugungi obod va farovon hayotimizning qadri, uning qimmati, ertangi kunim izning yorqin istiqboli o‘sha notinch hayotimizni xotiramizdan o‘chirgandek go‘yo. Yo‘q, aslida biz bu ikki asr orasidagi  karvonmiz. Bosib o‘tgan yo‘limizga bir-bir nazar tashlash va bugungi kun uchun shukrona aytib yashamog‘imiz darkor.

Tarix haqiqati, uning chin haqiqati bugun hech kim uchun  sir emas. Prezidentimiz ushbu haqiqatni har bir asalarida, har bir ma’ruzalarida takror va takror ta’kidlaydilar: “Men avvalombor, yoshlarimizga qarata aytmoqchiman: o‘qing, tarixni o‘rganing, tarixni o‘tmishni bilgan odam kelajakda adashmaydi.”

Tarix “xato”si

***IX asr Muhammad al-Xorazmiy algebra faniga asos soldi.

*** X asr Abu Nasr Forobiy Aristotelning “Metafizika” asariga eng mukammal sharx yozib “ikkinchi ustoz” unvonini oldi.

*** XI asr Abu Rayhon Beruniy Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofani o‘lchadi. Ibn Sino Tibbiyot qomusi – “Tib-qonunlari”ni  yaratdi. 

*** XIV asr Sohibqiron Amir Temur Yevroosiyoning yarmini tasarrufiga oldi. Ahli ilm boshini silab, o’lmas obidalar yaratdi.

*** XV asr Ulug‘bek 1019 ta yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alisher Navoiy o‘lmas “Xamsa”sini yozdi.

*** XVI asr “Boburnoma” olamga tarqaldi.

*** XVII asr Shohjahon dunyodagi yetti mo‘jizaning biri “Tojmahal”ni bunyod etdi.

*** XX asr O‘zbek-sovet olimlari misli ko‘rilmagan “ixtiro” qildilar: tarix “xato”sini tuzatib, o‘tmishda biz yoppasiga “savodsiz” bo‘lganimizni isbotlab berdilar.

Bu gaplar shunchalar qalbimizga tegadiki, kuysang kuygudek, kulsang kulgudek titratadi. Ha, bugun esa bunday emas. O‘sha xatolar tuzatildi, haqiqatlar qayta tiklandi,  baralla aytildi va tan olindi ham.

Yurtimizga kelgan har bir insonga O‘zbeklarning o‘tmishini bilarsiz, o‘qigansiz, eshitgansiz, buguniga hozir bevosita guvohsiz, his etmoqdasiz, kelajagiga qiziqyapsizmi yoki tasavvur etolmayapsizmi, marhamat o‘zbek yoshlarining ko‘zlariga boqing, teran nigoh bilan nazar tashlang va  so‘zlariga quloq soling,                                                                                                                           ortiqcha izohning hojati qolmaydi degan bo‘lar edim. Yuragimdan chiqayotgan har bir so‘z shunchaki emasligi,havoyi ham  emasligi o‘z isbotini  topishiga men astoydil ishonaman. Hech bir to‘siq, hech bir qiyinchilik meni va men kabi yoshlarni bunyodkorlik, vatanparvarlik yo‘lidan qaytara olmaydi.

Berilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar, avvalo Yurtboshimiz tomonoidan bildirilayotgan ishonchlar albatta o‘z vaqtida oqlanadi. Biz shunchaki farzandlar emas, kelajak egalari, ertangi kun bunyodkorlari bo‘lib, Vatanimiz istiqboli, uning  har qadamdagi ravnaqi uchun javobgar shaxs sifatida shakllanamiz. Shunday kunlar keladiki, butun insoniyat O‘zbekiston deb atalmish muqaddas zaminning hayotiga, uning o‘tmishi va kelajagiga faqat va faqat havas ila boqishadi. Hech kimsa va hech bir kuch bizni bunyodkorlik yo‘lidan, ertangi kun g‘alabalaridan qaytara olmaydi. Biz qo‘ygan maqsad va biz anglagan mafkura                                                                                                                     bizni o‘z yo‘limizdan yetaklaydi. Har bir yosh avlod o‘z tanlagan kasbi, salohiyati va tafakkuri bilan                 O‘zbekistonning chinakam mavqeiga aylanadi. Bu so‘zlarga kimnidir ishontirish shart emas, bu maqsad har bir nigohda aks etgan va har qadamda o‘z isbotini topib kelmoqda.

Ushbu asarni o‘qir ekanman, men bugun tanlagan soham-ning qanchalik to‘g‘riligini chuqur his etdim. Prezidentimiz o‘z asarlarida quyidagi jumlalarni ham keltirib o‘tganlar: “O‘zbekiston jahon bozorida xomashyo resurslari, masalan paxta va boshqa xomashyo turlarining bahosi keskin tushib ketgan vaziyatlarni o‘z misolida ko‘p bor ko‘rgan, boshidan kechirgan.

Shu bilan birga agar ana shu paxta xom-ashyosini o‘zini to‘qimachilik va yengil sanoatning boshqa tarmoqlarining yanada chuqur qayta ishlashni ta’minlab, chetga bo‘yalgan ip-kalava, trikotaj va to‘qima matolar sotadigan bo‘lsak, keyinchalik tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar va dizaynni o‘zlashtirib olsak katta samaradorlikka erishishimiz mumkin.

Ana shu birgina misol asosida bizda hali beri ishga solinmagan qancha-qancha imkoniyatlar borligiga ishonch hosil qilish qiyin emas deb o‘ylayman.”

Ha, shubhasiz, bu so‘zlar men va men qatori institutimizning har bir talabasi oldiga qat’iy maqsad qo‘yadi. Berilayotgan ishonch, e’tibor va sharoitlarni hisobga olgan holda, tengdoshlarimga chin dildan “Birlashaylik, shu sohamiz va vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilaylik, bugunning sharoiti va tinchligi, mustaqilligi va to‘kinligini qadrlab, sohamiz rivojiga birga munosib hissa qo‘shaylik” deya, yurtboshimizning quyidagi so‘zlari bilan ularni ilhomlantirishni joiz deb topdim.

Mana shunday olijanob, bag‘rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan, fidoyilik bilan xizmat qilish-barchamiz uchun eng yuksak sharaf, oliy saodatdir.

Roza ARTIKBAYEVA, 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan